12июн
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 11 fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy to‘siqlardan biridir. Tahlillarga ko‘ra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.
Mamlakatimiz ham muammodan xalos bo‘lmagan. Dunyodagi korrupsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida O‘zbekiston oxirgi uch yilda 12 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali bu illat barham topmagan.
Yurtdoshlarimizning fikricha, sog‘liqni saqlash, taʼlim, bank, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, kommunal xizmat sohalarida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilishda korrupsiya keng tarqalgan.
Misol uchun, tahlillarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimidagi xarajatlarning 25-30 foizi samarasiz sarflanmoqda. Ko‘plab sohalarda davlat xaridlarini amalga oshirish tizimi ochiq-oshkora emas.
Davlatimiz rahbari yaqinda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra barvaqt oldini olishga o‘tish kerakligini taʼkidlab, unga qarshi kurashishga masʼul bo‘ladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi.
Bugungi yig‘ilishda ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan sohalarda bu illatdan qutulish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, ijrosini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarini shaffof qilishdir. Bunda eng asosiy eʼtiborni ishga olish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni taʼminlashga qaratish lozimligi belgilandi.
Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirlik, kompaniya va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi “komplayens nazorat” tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tiziminining barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish shartligi taʼkidlandi.