21апр
Toshkent arxitektura-qurilish institutining Arxitektura fakultetida bitiruvchilar ishtirokida “Xalqchil davlat xizmatiga ochiq yoʼl hamda davlat xizmatchisi uchun zarur koʼnikmalar” mavzusidagi ilk o'quv-seminari o'tkazildi
Tadbirda Toshkent arxitektura-qurilish instituti rektori Erjan Kahya, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar filiali rahbari Javdat Inogʼomov hamda bosh inspektor O'tkir Abdukarimov va institutning oʼqituvchi-xodimlari, talabalar ishtirok etdi. Seminarda talabalar ishga joylashish boʼyicha vacancy.argos.uz portali, KPI tizimi, ochiq vakansiyalar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni olish, foydalanish hamda davlat xizmatchilarining ish samaradorligini oshirishda zaruriy koʼnikma masalalari boʼyicha batafsil ma'lumotlar olishdi.

Erjan KАHYA, Toshkent arxitektura-qurilish instituti rektori:
– Talabalarning ilm-maʼrifatli boʼlib yetishishlarida eng katta masʼuliyat bizning zimmamizdadir. Аlbatta ularning yetuk kadr boʼlib tarbiyalanishlari uchun harakat qilyapmiz. Аytish kerakki, bizdan keyin bitiruvchi talabaning hayotida bevosita davlat rahbari va davlat mutasaddilarining roli ortadi. Oliy oʼquv dargohidan keyin kishining haqiqiy hayoti boshlanadi. Bitiruvchi talabalar davlat tashkilotlari va xususiy sektorda ish faoliyatlarini boshlab, oʼzlarining shaxsiy rivojlanishlariga eʼtibor qaratadi. Bu tizimning doimiy ishlashi davlatchilikning ham yuksalishiga turtki boʼladi.

– Bugungi kunda bitiruvchi talabalarni ish bilan taʼminlash masalasi dolzarb vazifalardan biri boʼlib turibdi. Xususan, bu borada mutasaddilarga hukumat tomonidan topshiriqlar berilyapti. Talabalarni davlat idoralariga ishga jalb qilish masalasi alohida eʼtibor talab etadi. Hozirgi kunda davlat idoralarida ishlashda ham jozibadorlik sifati oshib bormoqda. Bundan bir necha yillar ilgari davlat sektorida oylik maosh darajasining pastligi bitiruvchilarning kelajak faoliyatlariga taʼsir qilardi. Koʼpchilik mutaxassisligi boʼyicha ishlashga oshiqmasdi. Аmmo hozirgi kunda vaziyat butkul oʼzgargan. Davlat idoralarida ishlab katta miqdordagi oylik-maoshga ega boʼlish mumkin. Xususan, bugun ish topish va ishga joylashish masalalari ham anchayin rivojlandi. Oʼtirgan joyingizda vacancy.argos.uz portali va shu kabi tarmoqlar orqali ish topishingiz mumkin. Shunday vaziyatda davlat yosh, oʼz ustida ishlashga chanqoq va ijodkor kadrlarga ehtiyoj sezmoqda. Yurtimizning har bir burchagida amalga oshirilyotgan binokorlik jarayonlari oʼz oʼrnida sifatli kadrlarni yetkazib berishni talab etadi. Bunda Toshkent arxitektura-qurilish institutining bitiruvchi talabalariga ehtiyoj yuqori.

Gulchehra MELIBOYEVА, Toshkent arxitektura-qurilish instituti 4-bosqich talabasi:
– Ochigʼi, avvallari biror joyga ishga joylashish boʼyicha kerakli koʼnikmaga ega emas edim. Institutimizda oʼtkazilgan oʼquv-seminar orqali davlat idoralari va xususiy tashkilotlarga qanday qilib ishga joylashish va vakant lavozimlari uchun onlayn arizalar topshirish haqida tushunchaga ega boʼldim..

Аytish lozimki, bu kabi amaliy harakatlar yoshlarning davlat idoralari va xususiy sektorda oʼzlariga munosib ish oʼrinlari topishida koʼmak boʼladi