25июл
Toshkent arxitektura-qurilish instituti tarixi
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi o‘zining shonli va sharafli tarixi davrida jahonga namuna qilib ko‘rsata oladigan bir qancha taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tdi. Shu jumladan, iqtisodiyot, siyosat, fan, ta’lim, sport, sanoat, qishloq xo‘jaligi kabi bir qancha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Ayniqsa, hozirgi kunda qurilish sohasi Vatanimizning har bir hududida barqaror sur’atlar bilan jadal rivojlanib kelmoqda. Shaxsan O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti I.A.Karimovning tashabbusi bilan ulkan ishlab chiqarish korxonalari, ko‘rkam va zamonaviy turar-joy binolari, madaniy-maishiy ob’ektlar, haybatli ko‘priklar va yo‘llar qurilgan. Bu faoliyatni samarali amalga oshirish uchun me’morchilik va qurilish sohasida chuqur bilimga ega bo‘lgan me’mor, quruvchi hamda muhandislarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada yuqori bo‘lganligi sababli Toshkent arxitektura qurilish institutini tashkil etishga ehtiyoj tug‘ilgan. Hozirgi vaqtda bu jarayonda jonbozlik ko‘rsatayotgan Toshkent arxitektura qurilish instituti O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti I.A.Karimovning 1991 yil 6 maydagi farmoniga binoan Toshkent politexnika institutining "Arxitektura”, "Sanoat va fuqaro qurilishi” hamda "Muhandis qurilishi” fakultetlari negizida tashkil etilgan. Shuni alohida ta’kidlash zarurki Toshkent arxitektura qurilish instituti arxitektura va qurilish sohasida tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar uchun davlat ta’lim standartlari, namunaviy o‘quv rejalar, fan dasturlari ishlab chiqishga hamda respublika oliy ta’lim muassasalarida tadbiq etishda doimo tashabbus ko‘rsatib kelmoqda.
Bugungi kunda institutda "Arxitektura”, "Bino va inshootlar qurilishi”, "Muhandislik qurilish infrastrukturasi” va "Qurilishni boshqarish” fakultetlari mavjud bo‘lib, ularda "Dizayn”, "Arxitektura”, "Ko‘chmas mulk ekspertizasi va uni boshqarish”, "Qiymat injiniringi”, "Geodeziya, kartografiya va kadastr”, "Bino va inshootlar qurilishi”, "Muhandislik kommunikatsiyalari qurilish va montaji”, "Gidrotexnika qurilishi” kabi 22 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3958 nafarga yaqin bakalavrlar hamda "Dizayn”, "Geodeziya va kartografiya”, "Bino va inshootlar arxitekturasi”, "Arxitektura nazariyasi va tarixi, arxitektura yodgorliklarini tiklash”, "Landshaftlar arxitekturasi”, "Bino va inshootlar qurilishi”, "Qurilishni tashkil etish texnologiyasi”, "Qurilish iqtisodiyoti”, "Gidrotexnika inshootlari”, "Ko‘chmas mulkni baholash va boshqarish” kabi 23 ta mutaxassislik bo‘yicha 349 nafarga yaqin magistrlar tayyorlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov kadrlar tayyorlash milliy dasturini sharhlab berar ekan "Bizga oddiy bitiruvchilar kerak emas, bizga zamon talablariga javob beradigan yangi zamonaviy texnologiyalarni egallagan, ilm-fanga chanqoq, mustaqil fikrlovchi kadrlar kerak” – degan edilar. Prezidentning bu ko‘rsatmalarini o‘ziga dasturilamal deb bilgan Toshkent arxitektura qurilish institutining barcha professor-o‘qituvchilari butun kuch va bilimlarini malakali mutaxassis tayyorlashga qaratmoqda. Hozirda institutni bitirib chiqayotgan yosh mutaxassislar qurilish obektlarida, loyihalash institutlarida va boshqa tashkilotlarda malakaviy amaliyotlarni o‘tash bilan birga samarali mehnat qilib kelmoqdalar.
Bugunga qadar institutda turli sohalar bo‘yicha 35 mingdan ortiq mutaxassislar tayyorlandi va ular mamlakatimizning arxitektura, qurilish va boshqa sohalarni kadrlar bilan ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Bu kadrlar yetarlicha bilim egalari, malakali mutaxassislar bo‘lishlari uchun ko‘p jihatdan o‘z sohasini mukammal bilgan, o‘z kasbini sevgan professor-o‘qituvchilarga bog‘liqdir. Institut rahbariyati professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyatini oshirishga jiddiy e’tibor bermoqda. Yosh kadrlardan ilmiy darajali va ilmiy unvonli, malakali pedagoglarni tayyorlash kafedra va dekanatlar diqqat markazida turibdi. Toshkent arxitektura qurilish institutida 343 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritib, ulardan 23 nafari fan doktorlari va professorlar, 102 ga yaqini fan nomzodlari va dotsentlar talabalarga ta’lim-tarbiya bermoqdalar. Institut professor-o‘qituvchilarining 36% ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega.
Ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda 2019/2020 o‘quv yili bo‘yicha fanlar kesimida TAQIda 52 nomdagi darslik, 106 nomdagi o‘quv qo‘llanma va 372 ta o‘quv-uslubiy majmua zamonaviy talablar asosida tayyorlandi.
Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan chop etilgan ishlarga Web of Science, Scopus, Google Scholar tizimlarida 650 dan ortiq iqtiboslik mavjud. Xirsh (h)-indeksiga ega profesor-o‘qituvchi va ilmiy xodimlar soni 2019 yilda 3 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yida 16 nafarni tashkil etdi.Institut respublika OTMlari Milliy reytingi bo‘yicha 2017 yilda 42 o‘rinni, 2018 yilda 20 o‘rinni, 2019 yilda esa 15 o‘rinni egalladi hamda 2020 yilda respublika OTMlari orasida professor-o‘qituvchilar tomonidan Web of Science, Scopus tizimlaridagi ilmiy jurnallarda maqola chop ettirish bo‘yicha 13 o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Institut tashkil etilgandan beri, arxitektura va qurilish sohasi mutaxassislarini tayyorlashning dolzarb muammolari bo‘yicha 20 dan ortiq xalqaro konferensiyalar o‘tkazilgan.
Institut ilmiy-tadqiqot ishlari O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustivor yo‘nalishlari bo‘yicha Davlat ilmiy-texnika dasturiga kiritilgan. Institut mutaxassislari qurilish konstruksiyalarini, jamoat va turar joy binolarini loyihalash, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini aniqlash, texnogen chiqindilar asosida samarali qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha buyurtmalar qabul qiladi. Davlat buyurtmasi asosida, xo‘jalik shartnomasi hamda innovatsiya mavzulari bo‘yicha bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining umumiy qiymati 2016 yilning o‘zida 803.04 mln. so‘mga yetgan.
Xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan asosiy maqsad – institutga chet el investitsiyalarini jalb qilish hamda rivojlangan mamlakatlarning arxitektura va qurilish sohasidagi OTMlarining boy tajribasini o‘rganib, institutda ta’lim sifatini oshirishga erishishdir.
Hozirgi kunda institut xorijiy mamlakatlarning 78ta nufuzli OTMlari bilan ilmiy hamkorlik aloqalar o‘rnatgan, jumladan, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Avstriya, Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Indoneziya, Latviya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belorussiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston kabi davlatlarning qator nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Hozirgi kunda institut xorijiy mamlakatlarning 78ta nufuzli OTMlari bilan ilmiy hamkorlik aloqalar o‘rnatgan, jumladan, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Avstriya, Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Indoneziya, Latviya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belorussiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston kabi davlatlarning qator nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Kadrlar tayorlash milliy dasturi oldimizga ta’limni jahon andozalari darajasiga ko‘tarish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish maqsadida chet ellardagi ilmiy va o‘quv markazlari bilan hamkorlik qilish, institutga xorijiy sarmoyalarni jalb etish vazifalarini ham qo‘ygan. Institut chet ellardagi o‘quv dargohlari bilan talabalar almashishda, xorijiy grantlarni qo‘lga kiritishda faol ishtirok etmoqda.
Alohida e’tibor institutning iqtidorli yoshlari bilan ishlashga qaratilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida iste’dodli talabalardan bir nafari prezident stipendianti, 34 nafari Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori, talaba-qizlarimizdan 4 nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlaridir.
Institutda talabalar ta’lim olishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan kompyuter xonalari, shuningdek, internetdan foydalanish imkoniyatlari, bepul Wi-Fi hududlari talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun xizmat qilmoqda. Bundan tashqari institut ijodiy ishlarni katta va kichik formatlarda sifatli chop etish uchun zamonaviy plotter va printerlar, skanerlar, muqovalash uskunalar va boshqa texnika jihozlari bilan ta’minlangan.
Institut ma’muriyati tomonidan moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayonini hamda ilmiy tadqiqotlarni yangi texnalogiyalar bilan qurollantirish va ta’minlashga ham juda katta e’tibor qaratilgan. Hozir aksariyat kafedralar, ihtisoslashtirilgan audiotoriyalarda zamonaviy kompyuterlar, turli texnik asbob-uskunalar bir nechta laboratoriyalar muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Bu laboratoriyalarda talabalar amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari davomida zamonaviy uskunalar va yangi jihozlar orqali fanlarni yanada chuqur egallab kelmoqdalar.
Ilm-fan va texnika taraqqiyoti, umuman har qanday mamlakat va jamiyat rivojini kitobsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Qaysi bir davlatda kitob mo‘l bo‘lsa, kitobga katta e’tibor berilsa, shu mamlakatda ilm-fan ravnaq topadi, ko‘plab barkamol insonlar kamol topadi. Institutda 16849 nomdagi turli o‘quv adabiyotlari, badiiy va ilmiy kitoblar, jahon adabiyoti durdonalaridan tashkil topgan 250000 ga yaqin kitoblar fondiga ega Axborot-resurs markazi faoliyat yuritmoqda. O‘quv zali fondida 100 ga yaqin nusxada gazeta va jurnallar, mavjud. Axborot-resurs markazida chet el adabiyoti xonasi ham mavjud. Kitob fondida hozirgi kunda 5 mingdan ziyod tabiiy va ijtimoiy fanlarga oid adabiyotlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati ingliz, nemis, fransuz va boshqa xorijiy tillarda yozilgan adabiyotlardir.
Institut tarkibi haqida gapirar ekanmiz, shuni aytib o‘tish lozimki, 1996 yildan etiboran Toshkent arxitektura qurilish instituti qoshida akademik litsey faoliyat ko‘rsatmoqda. Akademik litseyda 403 nafar o‘quvchiga 33 nafar yuqori malakali pedagog xodimlar dars berib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 sentabrdagi 408-sonli qaroriga asosan institut huzurida "Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi” faoliyat ko‘rsatmoqda. Markazning asosiy vazifasi bozor iqtisodiyoti sharoitlarida qurilish jarayonini boshqarish talablarini, ob’ektlarni qurishda ishlarni bajarishni tashkil etish hamda xalqaro va Vatanimizda to‘plangan tajribalarni hisobga olgan holda qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishdan iborat hisoblanadi.
Toshkent arxitektura qurilish instituti huzurida "Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi” faoliyat ko‘rsatmoqda. 2015 yildan boshlab tarmoq markazida Arxitektura, Dizayn (turlari bo‘yicha), Bino va inshootlar qurilishi, Shahar qurilishi va xo‘jaligi, Muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi va montaji, Transport inshootlarining ekspluatatsiyasi, Geodeziya, kartografiya va kadastr kabi 14 ta yo‘nalishlari bo‘yicha Oliy ta’lim muassalari pedagog kadrlari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etilgan.