01янв
Suzuk ota maqbarasi!

Suzuk ota maqbarasi!
Yaqin-yaqingacha Suzuk ota ziyoratgohini ko‘pchilik bilmas, maqbara va eski masjid zax tortib qolgan edi. Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 26-may kuni Suzuk ota majmuasida bo‘lib, maqbara hamda masjidni yangidan qurish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. 2018-yil 9-fevralda qurilishning borishi bilan tanishib, majmua yonida hunarmandlar uchun uy-joylar barpo etish zarurligini ta’kidlagandi.
Davlatimiz rahbari “Ushbu masjid va maqbara maʼnaviyatimizni yana-da yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi kerak. Bu yerda hunarmandlar markazi va kutubxonasi tashkil etish lozim”, degan edilar.Ushbu topshiriq va koʻrsatmalar asosida bu yerda obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Suzuk otaning asl ismi Mustafoqul boʻlgan. U zot Ahmad Yassaviy hazratlarining qizi Gavhari Hushtojning kenja oʻgʻli boʻlgan. Bolalik chogʻida bobosi uni erkalab “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!”, degani bois atrofdagilar ham uni shu ism bilan chaqira boshlagan. Suzuk ota yuzlab shogirdlarga ilm berib, hunarga, halol mehnatga oʻrgatgan.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, Amir Temur Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan. Ushbu noyob tarixiy-meʼmoriy obidadan el 1936 yilgacha foydalanib kelingan. Shundan keyin, to mustaqillikkacha boʻlgan davr mobaynida turli korxonalarning sexlari faoliyat yuritgan. Natijada, tarixiy obidaning noyob va nafis qiyofasi yoʻqolib xarobaga aylangan. Mustaqillik sharofati sabab, masjid binosidan korxonalar koʻchirib yuborildi va masjidni tiklash ishlari boshlandi. 1998 yil boshida masjidning xonaqoh qismi taʼmirlanib, rasman faoliyat yurita boshladi.

– Mustafoqul yaʼni Suzuk ota padari boʻlmish Ahmad al-Qorachugʻay Shayxning yoʻllanmasi bilan bu mahallaga kelib, turgʻun boʻlib yashab qolgan, – deydi “Suzuk ota” jome masjidi imom-xatibi Ayubxon Sufiyev. – U kimsasiz, tepalik va jarliklardan iborat boʻlgan yerlarni oʻzlashtirish, obod qilish uchun tugʻilgan yurtidan qorilar, usta-hunarmandlar hamda yaqin birodarlarini olib kelib, uy-joylar qurdirib, barchaga boshpana qilib bergan. Keng ommaga ilm va hunar oʻrgatgan. Mazkur mahallani xoʻjalar mahallasi, baʼzan ustalar mahallasi, deb ham atashgan. Keyinchalik bu mahallaga karomatlar sohibi, aholining dono maslahatgoʻyi, hunarmandlar ustozi, toliblarning pir-murshidi boʻlgan Suzuk ota nomi berilgan. Hozir ham mahalla aholisi hunarmandlik, duradgorlik, oʻymakorlik bilan shugʻullanadi.

Taʼkidlanishicha, mazkur mahalla tor koʻchalardan iborat maskan edi. Bu yerda Suzuk otaning maqbarasi borligini koʻpchilik bilmagan. Hozirgi kunda Turkiyada uning muridlari yashaydi. Mana shu maskan foydalanishga topshirilsa, ular Suzuk otani ziyorat qilgani keladi. Nafaqat Turkiya balki butun dunyodan ziyoratchilar oqib kela boshlaydi.

“Suzuk ota” jome masjidi imom-xatib Ayubxon Sufiyevning soʻzlariga koʻra, Prezidentimiz topshirigʻi bilan masjid atrofiga qoʻshimcha ayvonlar qurildi. Uning xonaqohi 2 ming kishiga moʻljallangan. Moʻmin-musulmonlar ibodat qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, bu yerda 30 ta hunarmandlar uyi va ular uchun ustaxonalar qurildi. Hozirda yoʻllarga asfalt yotqizilib, avtomobil turargohi tayyorlanmoqda. Tez orada maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish ishlari yakunlanadi.









