| | |
1 2 3 4 5 6 7
  • title
  • title
  • title
  • title
  • title
  • title
  • title
  • title
Oliy ta’lim muassasalarida abituriyentlardan hujjat qabul qilish boshlandi
15-06-2017, 10:49
Oliy ta’lim muassasalarida abituriyentlardan hujjat qabul qilish boshlandi15-iyun kuni mamlakatimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida abituriyentlardan hujjat qabul qilish boshlandi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan yangilash borasidagi islohotlarda o‘qitish tizimining barcha bo‘g‘inlarini sifat va mazmun jihatdan yangilash, bilim dargohlari faoliyatini zamon ruhiga monand yo‘lga qo‘yish yuzasidan amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar xalqaro miqyosda ham alohida e’tirof etilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan iqtisodiyotning turli sohalari uchun talab va ehtiyoj yuqori bo‘lgan kadrlarni tayyorlash, yoshlarning bandligiga alohida e’tibor qaratish, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalasi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida muhim vazifa sifatida belgilangan. 

Prezidentimizning 2017-yil 5-maydagi "2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida"gi qarori mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Unga ko‘ra 2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 66 ming 316 nafardan iborat. Shu bilan birga, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Navoiy davlat konchilik institutida maxsus sirtqi bo‘limlarga ham abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish boshlandi. 

Birinchi Prezidentimizning 2016-yil 26-avgustdagi "Avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish sohasida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti etib qayta tashkil etilgan. 

Mazkur institut qabul komissiyasi mas’ul kotibi Anvar Nazarovning aytishicha, bu yil bakalavriatga yetti yo‘nalish bo‘yicha hujjat qabul qilinsa, ulardan qiymat injiniringi, shahar yo‘llari va ko‘chalari mutaxassisi, transport logistikasi kabi yangi yo‘nalishlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yerda abituriyentlarni kasblarga to‘g‘ri yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

– Bugun mamlakatimizning turli hududlarida keng va ravon yo‘llar, xalqaro talablarga to‘liq javob beruvchi ko‘priklar barpo etilmoqda, – deydi Toshkent avtomobil yo‘llari kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Azimjon Nurmatov. – Zamonaviy transport inshootlari odamlarning og‘irini yengil qilishga, iqtisodiyot rivojiga xizmat qilmoqda. Avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilishga oid kasb mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda zarur mutaxassislikka aylandi. Shu sohada puxta bilim olishni orzu qilaman. 

Abituriyentlar uchun matematika, fizika, o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, xorijiy tillar bo‘yicha konsultativ mashg‘ulotlar jadval asosida tashkil etilgani yoshlar bilimini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tashkil etilgan qabul komissiyasi ham yoshlar bilan gavjum. Mamlakatimizda agrar sohani jadal rivojlantirish, yer, suv resurslaridan unumli va oqilona foydalanish, bu borada ilg‘or texnika va texnologiyalarni jadal joriy etish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani malakali kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojning yanada ortishida asosiy omil bo‘lmoqda. 

Institut qabul komissiyasi mas’ul kotibi Abdurahim Berdiyevning aytishicha, bu yil bakalavriatning 25 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha hujjatlar qabul qilinmoqda. Texnika va texnologiyalar texnik ekspertizasi va marketingi (qishloq va suv xo‘jaligida), qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalari texnik servisi, meliorativ gidrogeologiya kabi qator yangi yo‘nalishlar joriy etilgan. 

– Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish yo‘nalishiga hujjat topshirdim, – deydi andijonlik Bahrom Arziyev. – Yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Bularning bari mavjud imkoniyatlardan unumli va oqilona foydalanishni, tinimsiz o‘qib, izlanishni talab etmoqda. 

Mazkur oliy ta’lim dargohida ham yoshlarga kasb yo‘nalishlari haqida to‘laqonli ma’lumotlar berish maqsadida turli banner, plakatlar, infokiosklar o‘rnatilgan. Bu yerda oliy ta’limga oid qonunchilik hujjatlari, qabul kvotalari, abituriyentlar uchun qo‘shimcha ma’lumotlar e’lonlar taxtasiga qo‘yilgan. Abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish komputer texnikasi bilan ta’minlangan binolarda amalga oshirilmoqda. 

Oliy ta’lim muassasalariga hujjatlar qabul qilish 15-iyulgacha davom etadi.