| | |
1 2 3 4 5 6
  • title
  • title
  • title
  • title
  • title
  • title

ILM-FAN 2020



“Oybek uy-muzeyi”ga tashrif
22-05-2018, 16:22
2018-yil 25-may kuni 36-15 QIo‘ guruh talabalari murabbiyi I.Karimov bilan birgalikda "Oybek uy-muzeyi”ga tashrif uyushtirildi. Buyuk siymolar yashagan manzillar azal-azaldan xalqning mo‘tabar ziyoratgohlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.  
Toshkentning yaqin-yaqingacha "Ishchilar shaharchasi” deb nomlangan dahalaridan birida ilm-fan va madaniyat ahli uchun, ayniqsa, tabarruk bir dargoh bor. Bu dargohda 1940-yildan 1968-yilga qadar, ya’ni hayotining so‘nggi 28 yili mobaynida buyuk o‘zbek adibi va jamoat arbobi akademik Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek yashab, ijod qilgan.
Oybek barhayot chog‘idayoq el-yurt o‘rtasida nafaqat buyuk adib, balki buyuk inson sifatida ham mashhur bo‘lgan. Shuning uchun, xalqona ibora bilan aytganda, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan toshkentliklar ham, poytaxtimizga yaqin va olis yurtlardan kelgan adabiyot muxlislari ham shu xonadonga kelib, o‘zbek adabiyotining bu porloq siymosini ziyorat qilishni o‘zlari uchun sharaf deb bilganlar. Oybek uy-muzeyi adib tug‘ilgan kunning 80 yilligi munosabati bilan 1985-yilda barpo etilgan. Muzeyga qadamranjida qilgan kishi shinamgina bog‘ning o‘rtasida, dekorativ daraxtlar, butalar va gullar qurshovida Oybekning bronzadan ishlangan haykali (I.Kliniskiy asari) ni ko‘radi. Shuni aytish joizki, Oybek tabiatni dil-dilidan sevgan. Oybekning tabiatga munosabati – adib qalbidagi vatanga bo‘lgan buyuk muhabbatning turfa ko‘rinishlaridan biri. U kichkinagina bog‘ida o‘zi daraxtlar ekib, gullar o‘stirgan. U ekkan daraxtlar orasida sershox katta chinor bilan uchi nayzasimon archa ham bo‘lib, mana yarim asrdan oshdiki, muzey hovlisiga ko‘rk bag‘ishlab, tashrifchilar ko‘zini quvontirib keladi. Oybek shu yerda, daraxtlar og‘ushida hordiq olib, hayol surib o‘tirishni xush ko‘rar edi.

Muzey Oybekning o‘zi tomonidan barpo etilgan ikki binoga joylashgan bo‘lib, memorial bo‘lim, adabiy ekspozitsiya va shinam bog‘ga bo‘linadi.
1940-1941 yillarda qurilgan 5 xonali binodan adibning hayot va ijod yo‘lini aks ettiruvchi ekspozitsiya o‘rin olgan. Oybekning kundaliklari, konspektlari, xatlari, fotomaterial, etnografiya, tasviriy va amaliy san’at namunalari, adibning badiiy va publitsistik asarlari, shuningdek, zamondoshlarning Oybek haqidagi xotiralari adabiy ekspozitsiya uchun tayanch material bo‘lib xizmat qilgan. Adib hayoti va adabiy faoliyatining barcha davrlarini o‘z qamroviga olgan adabiy ekspozitsiya shu binoda joylashgan.
Muzeyning memorial qismi adabiy-tarixiy ekspozitsiya bilan uzviy bog‘langan holda adib kechirgan ijodiy hayotning tirik ruhi va nafasini o‘zida mujassamlantirgan. 
Tashrifchilar darvozadan o‘tib, ichkariga kirganlaridan so‘ng, so‘l tomondagi bir zamonlar ayvon bo‘lib xizmat qilgan xonada Oybek uy-muzeyining ekspozitsiyasi bilan tanisha boshlaydilar. 5 xonadan iborat bu qismga kiraverishda - o‘ng tomonda - mo‘jazgina bir xona bor. Unda adibning rafiqasi, birinchi o‘zbek rassom qizi va birinchi o‘zbek kimyogar olimasi Zarifa Saidnosirova va uning otasi – o‘zbek ziyolilarining 1937-yilda "xalq dushmani” sifatida otib tashlangan yorqin namoyandasi, mashhur ma’rifatparvar va tadbirkor Saidnosir Mirjalilov (1884-1937) ga oid eksponatlar: rasmlar, hujjatlar, buyumlar, tasviriy san’at asarlari namoyish etilgan. 
Ishonch bilan aytish mumkinki, o‘zining betakror iste’dodi va o‘lmas adabiy durdonalari bilan o‘zbek milliy madaniyati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan, she’riyatda ham, nasrda ham, mislsiz so‘z ustasi Oybekning hayoti va ijodiga bo‘lgan qiziqish bundan keyin ham aslo so‘nmaydi.

Izohlar soni:0

Play tugmasini bosing! Axborot texnologiyalari markazi