25дек
“Menejment” kafedrasida o‘tgan uchrashuv haqida

Toshkent arxitektura qurilish instituti "Menejment” kafedrasida O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi xodimlari bilan 2017 yil 20 dekabr kuni uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Ortiqova R.R., Qurilishni boshqarish fakulteti dekani dos. Mamanazarov O.Sh., "Menejment” kafedrasi mudiri dos. Davletov I.X. dotsentlar: Gimush R.I., Xairova D.R. kafedra a’zolari hamda talaba yoshlar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi "Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-3151-son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvning mavzusi "Kommunal xo‘jaligi korxona va tashkilotlarida talabalar amaliyotini tashkil etish, kelishilgan mavzularda bitiruv malakaviy ishlar hamda hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, bitiruvchilarning ishga joylashishini ta’minlash masalalari to‘g‘risida” bo‘ldi.
Sohada oliy ma’lumotli malakali kadrlar yetishmasligi, shuningdek, ularni sifatli tayyorlash borasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, professor-o‘qituvchi va talabalarni stajirovkalarga yuborish, malakalarini oshirish va ularni qayta tayyorlash vazifalari muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda bu borada bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda aytish lozimki, bizning tayyorlayotgan kadrlarimiz ham mamlakatimiz hududlarida kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirishda o‘z hissalarini qo‘shishmoqda va turli kasbiy faoliyat olib bormoqda.
Ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan samarali foydalanish, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, shuningdek, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarda tozalikni saqlash va ularni obodonlashtirish bugungi kunning dolzarb masalasidir.
Uchrashuv so‘ngida "Menejment” kafedrasining O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirligi, Toshkent shahar bosh boshqarmasi, viloyatlar boshqarmalari va boshqa bo‘linmalari bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish hamda 2017-2018 o‘quv yilidagi bitiruvchilarni soha tizimidagi vazirlik, boshqarma, korxona va tashkilotlarda mumkin qadar ko‘proq ishga qoldirish borasida tegishli chora-tadbirlar rejasi belgilandi.