| | |
1 2 3 4 5

ABITURIYENT-2017

Xalqaro aloqalar bo‘limi
3-11-2016, 12:05

BO‘LIM HAQIDA MA’LUMOT

TAQI (ToshPI) Xalqaro aloqalariga 1956 yilda asos solingan. Institut Xalqaro aloqalar bo‘limi 1995 yil №81-13-09 sonli qaror bo‘yicha tashkil qilingan.

Hozirgi kunda Toshkent arxitektura-qurilish instituti xorijiy mamlakatlarning 34 ta nufuzli OTMlari bilan ilmiy hamkorlik aloqalari o‘rnatgan, jumladan: Germaniya, Fransiya, Italiya, AQSh, Norvegiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Indoneziya, Latviya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va boshqalar.

Germaniya Federativ Respublikasining oliy o‘quv yurtlari bilan 1991 yildan beri ilmiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Hozirgi vaqtda Veymar-Bauxaus universiteti, Drezden Texnika universiteti, Potsdam arxitektura-qurilish institutlari bilan faol hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Hamkorlik yillari mobaynida 70 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar, katta ilmiy xodim-izlanuvchi (KIXI)lar, magistrant va talabalar Germaniya OTMlariga malaka oshirish, tajriba almashish, xalqaro seminar va simpoziumlarda ishtirok etish hamda yozgi maktab seminarlarida qatnashish maqsadida Germaniyada bo‘lganlar.

50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar, magistrantlar va talabalar xalqaro seminarlarda ishtirok etish, dars o‘tish va yozgi maktab seminarlarida qatnashish uchun TAQIga tashrif buyurganlar.

Uzoq yillik va samarali hamkorlik natijasida TAQI qoshida 2012 yilda O’zbek-German arxitektura-qurilish "Markaz”i (magistratura) ochildi. Ushbu "Markaz”ning faoliyati Germaniyaning "Folksvagen” fondi tomonidan moliyalashtirildi. "Markaz”da germaniyalik professor-o‘qituvchilar nemis tilida dars olib bordilar. Magistrantlar 3 semestr davomida Toshkentda va 1 semestr davomida Germaniyada ta’lim oldilar.

2015 yilda 10 nafar magistrant "Markaz”ni muvaffaqiyatli tamomlab, xalqaro diplomlarga ega bo‘ldilar.

2015 yilda TAQI va Janubiy Koreyaning Yeoju Texnologiya instituti o‘rtasida mavjud bo‘lgan "Memorandum” asosida 3 nafar professor-o‘qituvchi 1 oy davomida Janubiy Koreyada malaka oshirib, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirdilar.

6 nafar talaba TAQI va Hanbat Milliy universiteti o‘rtasida mavjud bo‘lgan "Memorandum” asosida 4 oy davomida malaka oshirdilar, yangi texnologiyalarni o‘rgandilar va koreyalik talabalarga ingliz tili darslarini o‘tdilar.

Hozirgi vaqtda institutimiz 5 nafar talabasi Xanbat Milliy universitetining taklifi asosida 2016 yil 1 martdan 4 oy davomida malaka oshirish va yangi texnologiyalarni o‘rganish maqsadida Janubiy Koreyaga borishga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.

2015 yilda 36 nafar professor-o‘qituvchilar, KIXIlar, magistrantlar va talabalar xorijiy oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirdilar, xalqaro seminar simpoziumlarda va yozgi maktab seminarlarida ishtirok etdilar.

Hozirgi vaqtda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan taqdim etilgan grant asosida 2 nafar yosh mutaxassis o‘qituvchilar Xitoy Xalq Respublikasining Chong Ging universitetida malaka oshirib, yangi texnologiyalarni o‘rganmoqdalar. O‘qish muddati 2015-2016 o‘quv yili.

1 nafar talaba Toshkentdagi Indoneziya Elchixonasining granti asosida 2015-2016 o‘quv yili davomida " Nigeri Jakarta" universitetida tahsil olmoqda.

2016 yil 8 fevralda TAQIda AQShning "Fulbrayt” dasturi stipendianti, mutaxassis Mikael Gartner pedagogik faoliyatini boshladi. Mikael Gartner 6 oy davomida yuqori kurs talabalari va magistrantlarga "Binolarni zilzilabardoshligi va favqulodda holatlarda qutqaruv ishlarini olib borish” yo‘nalishida dars o‘tadi.

2010 yildan boshlab TAQI va Versal milliy oliy arxitektura maktabi o‘rtasida mavjud bo‘lgan Hamkorlik "Atele” (o‘quv amaliyot ishlarini olib borish) asosida har yilning aprel oyida 2-3 nafar professor-o‘qituvchi va 16-18 nafar talabalar Versaldan TAQIga institutimiz professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan birgalikda 2 hafta davomida o‘quv amaliyot ishlarini olib boradilar.

Bunga javoban TAQIning 2-3 nafar professor-o‘qituvchilari va 16-18 nafar talabalari Fransiyaga iyun oyida o‘quv amaliyot ishlarini davom ettirish maqsadida boradilar.

2016 yil aprel oyida Versaldan 2 nafar professor-o‘qituvchi va 12 nafar talabalar kelishi va javoban TAQI 2 nafar professor-o‘qituvchilari va 12 nafar talabalari Fransiyaga borishi rejalashtirilmoqda.

2015 yilning 9 noyabrda O’zbekiston Respublikasidagi Fransiya Elchixonasining tashabbusi bilan Fransiyaning Lill universitetining 4 nafar professor-o‘qituvchilari ishtirokida xalqaro seminar o‘tkazildi.

Seminar ochilishida O’zbekiston Respublikasidagi Fransiya Elchixonasining Favqulodda va muxtor elchisi janob Jak-Anri Els ishtirok etdi. Seminarda TAQI professor-o‘qituvchilari ham o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etdilar.

2015 yil 10 noyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshchiligida fransiyalik va TAQI mutaxassislari ishtirokida video-konferensiya o‘tkazildi.

TAQI va Indoneziyaning Gunadarma universiteti o‘rtasida mavjud bo‘lgan hamkorlik "Memorandum”i asosida Indoneziyada bo‘lib o‘tgan "Globalizatsiya, Iqtisodiy rivojlanish va milliy arxitektura” mavzusida o‘tkazilgan "5-O‘zbekiston-Indoneziya Xalqaro Qo‘shma Konferensiyasi”da 4 nafar professor-o‘qituvchilarimizning ilmiy maqolalari konferensiya to‘plamida ingliz tilida chop etildi.

Hozirgi vaqtda TAQIda 14 nafar xorijiy fuqarolik pasportiga ega bo‘lgan talabalar tahsil olmoqda. Bular: Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston va Afg‘oniston fuqarolari.

Institutimiz «TEMPUS», «YUNESKO», «FOLKSVAGEN» kabi xalqaro loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.